Loading...

Matbuot xizmati 0000-00-00 -- 30 kishi

Har yili iyulda “Yoshlar turizmi oyligi” o‘tkaziladi

Betakror yurtimiz o‘zining tarixiy, madaniy meros obyektlari, go‘zal tabiati va iqlimi bilan hamisha sayyohlarni jalb etib keladi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish, uni iqtisodiyotning strategik sektoriga aylantirish, hali to‘la foydalanilmagan sayyohlik salohiyati imkoniyatlaridan keng foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni jadallashtirish borasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qator yig‘ilishlar o‘tkazilayotgani, sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar qabul qilinib, dolzarb vazifalar belgilab berilayotgani alohida ahamiyatga ega. Jumladan, 2022-yil 30-aprelda qabul qilingan “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorida ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish va hajmini keskin ko‘paytirish, fuqarolarni mamlakatimizning turizm salohiyati bilan tanishtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, taqdim etilayotgan turizm xizmatlari sifatini yaxshilash va jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan qator vazifalar o‘z aksini topgan. Xususan, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida ko‘plab maqsad-vazifalar belgilab berildi. Mazkur qarorga ko‘ra, 2022-yildan boshlab iyul oyida “Yoshlar turizmi oyligi”, 2023-yildan boshlab esa yanvar oyining birinchi dekadasi va mart oyining uchinchi dekadasida “Yoshlar turizmi haftaligi” o‘tkaziladi. Ta’kidlash joizki, ushbu sa’y-harakatlar ichki turizmni rivojlantirish hamda yoshlarning mazmunli sayohatlarini tashkil etish, ularni yurtimizning turistik manzillari va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qayd etish joizki, ayni yoz pallasida, o‘quvchi va talaba yoshlarning ta’til davrida “Yoshlar turizmi oyligi” muntazam tashkil etilishi yoshlarning yozgi dam olishini mazmunli o‘tkazishga zamin bo‘ladi. Shuning barobarida ularni mamlakatimizning so‘lim manzillariga, tarixiy obidalariga sayohatlarini uyushtirishda ayni muddaodir. Ushbu oylik yurtimiz yoshlarini birlashtirishga hamda ularning yurt manzillari, sayyohlik maskanlari haqida keng tushuncha va boy taassurotlarga ega bo‘lishlariga xizmat qiladi. Yurtimiz go‘zalliklaridan bahramand bo‘lish, ajdodlarimiz merosi bo‘lmish tarixiy maskanlar uzra sayohat qilish o‘g‘il-qizlarimizning ona Vatanga mehr-muhabbat va sadoqat ruhida ulg‘ayishida muhim omildir. "Yoshlar turizmi oyligi" doirasida  o'quvchi, talaba va yoshlarning dam olishlarini mazmunli o'tkazish maqsadida, Namangan viloyatidan 50 nafardan ortiq yoshlarni Buxoro va Samarqand viloyatlariga sayohatlarini amalga oshirildi. Mazkur sayohat davomida yoshlar tarixiy obidalar, muzeylar va turli muqaddas qadamjolar bilan tanishtirildi. Bundan tashqari, Axsikent yodgorligidagi ochiq osmon muzeyi, Sulton Uvays Qoroniy, Namangan viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi kabi madaniy meros obyektlariga sayohalatlar, shuningdek, Afsonalar va Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi istirohat va tematik bog'larida yoshlarning sayohatlari tashkil etilib, yozgi dam olish vaqtlarini mazmunli o'tkazishlarida turli tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.  O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling va yurtimiz betakrorligidan, boy o‘tmishi, tarixi va bugunidan bahramand bo‘ling!