Namangan shahri markazida joylashgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istirohat bog‘i, madaniyat muassasasi ziyo maskani bo‘lgan “Nodirabegim” nomli viloyat kutubxonasi, Namangan shahar dizayn kolleji, №7 sonli umumta'lim maktabi bilan chegaradosh xiyobon bor. Bu xiyobon namanganlik yirik adabiyot vakillaridan biri Nodim Namangoniy xotirasi uchun bunyod etilgan va uning maqbarasi ham bor.
Bu maqbara 2004 yilda shoir tug‘ilib o‘sgan joyda va u dafn etilgan istiqlol yillarigacha qabriston bo‘lgan hududda shoirga ehtirom tarzida majmua qilib barpo etilgan.
Maqbarani tomosha qilar ekanmiz, ko‘rinishidan Buxorodagi Ismoil Somoniy maqbarasi beixtiyor yodga keladi. Demakki, me'morlar bu obidani bunyod etishda Namanganda ham shunday betakror yodgorlikni ko‘rishni maqsad qilgan bo‘lsalar ne ajab.
Nodim Namangoniy kim va unga nima uchun maqbara bunyod etildi? - degan savoliga javob izlaymiz.
1844 yilda Namangan shahrining eski Jome', hozirgi Baynalminal mahallasida tug‘ilgan Sulaymonxon to‘ra Ulug‘xon to‘ra o‘g‘li Nodim Namangoniy ziyoli oilada dunyoga kelgan. Uning otasi Ulug‘xon to‘ra Zokirxon to‘ra o‘g‘li Namangandagi Saidqulibek madrasasida mudarrislik qilgan. Adabiyotga havasmand, she'riy ijod bilan shug‘ullangan inson edi.
Ulug‘xon to‘ra o‘z o‘g‘lini o‘qimishli bo‘lishini istardi va shuning uchun uni juda erta xat-savodli qiladi, o‘zi ta'lim beradi. Yosh Sulaymonda adabiyotga qiziqish va badiiy zavq uyg‘otgan ham shu otaning o‘zi bo‘ladi.
Dastlabki savodini Saidqulibek madrasasida (Namangan shahridagi bu madrasa Mulla Qirg‘iz madrasasining ro‘parasida joylashgan bo‘lib, 1930 yillarda buzib tashlangan ) chiqargan, arab va fors tillarini mukammal bilgan shoir o‘z davrining buyuk shoiri qo‘qonlik Muqimiyning yaqin do‘sti va maslakdoshi bo‘lgan.
XIX asr oxiri XX asr boshlarida Nodim Namangoniy nazmning turli yo‘nalishlarida samarali ijod qildi. Uning “Xit qildi”, “Shikoyati paxta”, “ G‘alati”, “Maqsudi alar ming simu-zarlari” kabi asarlari o‘zbek xalqini yangilikka, ilg‘or madaniyatga da'vat etuvchi she'rlar hisoblanadi.
Nodim Namangoniy yarim asrdan ortiq davom etgan adabiy faoliyati davrida barakali ijod etdi. Jozibali, rangdor lirik she'rlar yozdi, 1887-1888 yillarda Toshkentga, 1890 yillardagi qardosh qozoq va qirg‘iz ellariga qilgan safarlarini qog‘ozga tushirdi.
Avliyoota, Pishpak (Bishkek), Olmaota safarlarini “Maktubi muhabbat” nomi bilan rafiqasiga she'riy xatida ifodalagan.
1902 yilda Nodim Namangoniy muborak Haj safari va ziyoratiga boradi.
Nodim Namangoniy 1910 yil 26 iyulda vafot etadi va uni otasining qabri yoniga dafn etilgan.
Eli va yurti uchun ibratli ishlar hamda ma'naviy meros qoldirgan yetuk bilim egasi hamda noyob iste'dodli shoir qabri ustida tiklangan maqbara atrofi obod xiyobonga aylantirilganligi endilikda bu maskanni qutlug‘ qadamjo va ziyoratgohga aylantirdi.
Balansda saqlovchi: Namangan viloyat madaniy meros boshqarmasi
Bog`lanish: Qodirov Muhammad 97 -258-04-02