Ob'ekt tarixi: Mavlaviy Namangoniy maqbarasi mahalliy manbalarning guvohlik berishicha XVI asr oxirida, aslida XVII asr o‘rtalarida qad rostlagan bu muhtasham maqbara odamlar gavjum qatnaydigan ziyoratgoh hisoblanadi.
Asrlar mobaynida har bir xalq taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tish jarayonida o‘ziga xos uslublar yaratib, iz qoldirgan.
Har bir yurtni undagi qishlog‘u shaharlarni binolarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ularni o‘rganish jarayonida esa qurilishi, xom ashyosi, uslubi va uni bunyod etgan ustalar, mablag‘ va xom-ashyo bilan ta'minlaganlar haqida fikr yuritiladi. Bu obidalar va ularning qurilish tarixiga oid ma'lumotlar davlat arxivlarida saqlanayotgan tarixiy hujjatlarda qayd etilgan.
Namangan shahrida dunyoga kelib shayxul islom darajasiga erishgan Mavlaviy Namangoniy nomi bilan ataluvchi davlat ahamiyatiga va moddiy me'moriy meros bo‘lgan maqbara tarixi haqida to‘xtalsak.
Maqbara XVIII asrning ikkinchi yarmi va XIX asrning 1-choragida yashagan namanganlik shayx va olim hazrati Mavlaviy Mulla Xo‘ja Eshon xotiralari uchun bunyod etilgan va uni bugungi kunda qisqacha Mavlaviy Namangoniy maqbaralari deb yuritiladi. Bu bino tashqi ko‘rinishidan Xivadagi Pahlavon Mahmud maqbarasiga o‘xshab ketadi. Mavlaviy Namangoniy hayotlari va faoliyatlariga oid ma'lumotlar Mazjubiy Namangoniyning qo‘lyozma devonlarida hamda marg‘ilonlik kotib Usmonxo‘ja bin Muhammad Alixo‘ja Murg‘inoniy qalamiga mansub Farg‘ona vodiysidagi fozil kishilar haqida hikoya qiluvchi to‘plam “Rasoilul fuzalo” asarida bayon etilgan.
Bu maqbara qurilishi tarixiga nazar tashlasak, xalq orasida turlicha rivoyatlar bor. Mavlaviy Namangoniy vafot etgunlariga qadar shaharda vafot etganlarni shahar ichkarisiga dafn etilar edi. Hozirda ham shahar yon-atroflarida, shaharning markaziy ko‘chalarida ham yakka-yakka qabrlarga ko‘zingiz tushadi va bu gapning dalili hisoblanadi.
Mulla Xo‘ja Eshon xalqqa murojaat etib, vafotlaridan keyin jasadlarini shahar tashqarisiga dafn etishlarini so‘raydi, lekin xalq bunga rozi bo‘lmaydi.
Shunda Mulla Xo‘ja o‘z farzandlariga meni shahar tashqarisiga dafn etinglar, zora xalq bundan ibrat olsa deya vasiyat qiladi. Vaqti soati yetib shayx vafot etgan kuni farzandari padarlarining vasiyatlariga amal qilib, shahar tashqarisidagi tepalikka dafn etadilar, buni ko‘rgan mahalla va shahar ahli “shunday ulug‘ zot shahar tashqarisiga dafn etildi, endi ham biz yaqinlarimizni shahar ichkarisiga dafn qilsak beodoblik bo‘ladi”, deb shu vaqtdan e'tiboran marhumlarni dashtga olib chiqib dafn etadigan bo‘ldilar.
Keyinchalik shayxul islom Mulla Xo‘ja Eshonnning muridlari va ixlosmandlari tomonidan pul jamg‘arilib, maqbara quriladi. Lekin manbalarda va rivoyatda bu maqbarani qurilishi, bunyod etgan ustalar, davri haqida ma'lumotlar yo‘q.
Maqbarani tomosha qilib, aylanib chiqar ekansiz maqbaraning binoning to‘rt burchak shaklda ekanligi, kirish qismida ikki guldasta o‘rtasida ravoq peshtoqining ixcham mehrobchalar bilan bezatilganligi va sakkizta ravoq ustiga gumbazning mohirona tiklanishi har bir kishining diqqatini beixtiyor o‘ziga jalb etadi.
Maqbara teng tomonli tarxdagi ziyoratxona shaklida 7x7 metr o‘lchamida qurilgan. Maqbara old tomonining ikki yonida guldastalar va markazida ravoqli qilib bezak o‘rnida foydalanilgan eshik o‘rni qo‘yilgan. Eshik ikki qanotli bo‘lib, mayda o‘yma naqshlar bilan yezatilgan. Qolgan uch tomoni esa g‘isht terilgan holatda qoldirilgan.
Balansda saqlovchi: Namangan viloyat Madaniy Meros boshqarmasi
Bog`lanish : Qodirov Muhammad
97 -258-04-02