Loading...

Matbuot xizmati -- -- 30 ko`rildi

Manzili: Kosonsoy tumani, Abdurahmon Jomiy MFY, Qal`a ko`chasi
Davri: XII asr
Maydoni: : 0,40 kv.m
Ob'ekt tarixi: Kosonsoy shahrining eski Qal'a ko‘chasi (hozirgi “Jomiy” MFY) ning boshlanish qismi o‘ng tomonidagi balandlikda joylashgan “G‘o‘zapoyamozor” obidasi doimo Kosonsoy haqida gapirilganda ko‘proq so‘raladigan yodgorlik sanaladi. Bu obida to‘g‘risida xalq orasida og‘izdan-og‘izga, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan rivoyatlar mavjud. Bu rivoyatlar qanchalik to‘g‘riligini moddiy manbaalar va saqlanib qolingan obida o‘zida namoyon etadi. Bundan ming yil oldin Sulton Sayyid Jaloliddin Somoniy degan bir aziz kishi taxtdan voz kechib, Kosonga (hozirgi Kosonsoy shahri hududiga) keladilar va hozirgi “G‘o‘zapoyamozor” masjidi o‘rnashgan xilvat to‘qayzorga joylashadilar. Ul zot bu yerdan oqib o‘tuvchi ariq bo‘yiga kichik uycha qurib, shu yerda yashay boshlaydilar va har kuni odamlarga tekinga un ulashlar ekanlar. Kishilarda: “Bu aziz shuncha bug‘doyni qaerdan olayaptilar ekan?” degan qiziqish paydo bo‘libdi. Buning sirini bilish uchun shu yerda istiqomat qiluvchi bir cho‘ri ayol yashirincha eshik tirqishidan uycha ichiga mo‘ralab, asta sirni bilshga payt poylab turgan chog‘da uning ko‘zi uy ichidagi qora qo‘chqorga tushadi, bu mo‘'jizakor hayvon ya'ni qora qo‘chqor har gal zikr aytganida, og‘zidan un to‘kilardi. Unga nazari tushgan begona kishining ko‘rgan zamon qo‘chqor toshga aylanib qolgan ekan. Qo‘chqor shaklidagi bu tosh yaqin-yaqingacha saqlanib qolgan edi. Sobiq Ittifoq davrida aholiga uy-joy berish vaqtida bu obida yon-atrofini ham uy uchun berilgan. Natijada saqlangan qo‘chqor shaklidagi tosh anashu uy egalari tomonidan e'tborsizlik bilan fundament uchun ishlatib yuborilgan. Bu obidani barpo etilishi tarixida yana shularni keltirish mumkin. Tarixda arablar yurishidan so‘ng birinchi bo‘lib Movarounnahr va Xuroson hududida mustaqil, qudratli, markazlashgan davlat barpo etgan Somoniylar sulolasi 875 yildan 999 yilgacha, ya'ni 125 yil hukumronlik qilgan. O‘z zamonida, ya'ni IX asr boshida Asad Somoniy yordamida Xuroson noibi lavozimiga erishgan Tohir ibn Husayn (819-821) do‘stiga minnatdorchilik ramzi sifatida Asad Somoniylarning o‘g‘illari Nuhga Samarqand, Ahmadga Farg‘ona, Yahyoga Shosh va Ilyosga Hirot hamda Ustrushona hokimligini hadya etadi. Bu voqea 821 yilda yuz beradi. 842 yilda Farg‘ona hokimi Ahmad Somoniyning o‘g‘li Nasr Ibn Ahmad Somoniy Movarounnahrdagi to‘rt viloyatni birlashtirib yagona Somoniylar davlatini tashkil etadi va poytaxtni Farg‘onadan Samarqandga ko‘chiradi. Yuqorida qayd etilganidek, faqatgina 875 yilda Nasr Ibn Ahmadning kichik ukasi Ismoil hukumronligi davrida Somoniylar to‘la mustaqillika erishib, qudratli davlat tuzadilar. Taniqli sharqshunos va tarixchi olim akademik V.V. Bartol'd ham somoniylar sulolasining asoschisi Nasr Ibn Ahmad Norin daryosi sohilidagi Xatlom shaharchasida tug‘ilganligini, keyinchalik Ahmad Ibn Asad o‘g‘li sharafiga bu shaharcha o‘rnida Nasrobod shahrini bunyod etilganligini yozadi. (V.V. Bartol'd , “Tarixiy geografiyaga oid ishlar”, 532-bet). Yuqoridagi fikrni quvvatlab taniqli tarixshunos, sharqshunos olim A.N. Bernshtam o‘zining “Qadimiy Farg‘ona” nomli tarixiy ocherkida Somoniy podshoh Nuh ibn Asad halifa Muntasir (861-862 yy) zamonida Koson va Urest shaharlari egallanishi bilan Farg‘onani islomlashtirish nihoyasiga yetkaziladi,-deb ta'kidlaydi. “Aynan shu davrda Farg‘ona o‘lkasining to‘la islom diniga kirishi yuz beradi. Farg‘ona somoniylar sulolasining asoschisi Ismoil ibn Ahmadning (849 yilda tug‘ilgan) vatani hisoblanadi”,-deb yozgan edi tarixchi olim, akademik A.N. Bernshtam “Qadimiy Farg‘ona” asarida. Somoniylar sulolasining kelib chiqish tarixi, shakillanishi, keyinchalik butun Movarounnahr diyorini birlashtirib, mustaqil, markazlashgan davlat tuzilishida Farg‘ona davlati muhim o‘rin egallagan bu sulolaning inqirozga yuz tutib, parchalanib ketganida shu o‘lka ular uchun boshpana ya'ni sarpanoh bo‘lgan. Sulton Sayyid Jaloliddin Somoniy ana shu sulola vakillaridan biri bo‘lib, o‘sha tahlikali davrda yaqinlari bilan ajdodlari vatani-Farg‘ona o‘lkasiga yo‘l oladi. Qadim Koson shahri arablar fathi arafasida hamda arablar hukumronligi davrida Farg‘ona mamlakatinigng poytaxti bo‘lganligi Sulton sayyid Jaloliddinning Kosonga kelishi bejiz emasligini ko‘rsatadi. Bu voqea XI asr boshida ro‘y beradi. Sulton Sayyid Jaloliddin Somoniy o‘zining shohlar avlodidan ekanligini bildirmaslik uchun o‘sha vaqt chekka shaharga aylangan Kosonga (Poytaxt Axsikentga ko‘chgan edi) keladi va yuqorida zikr etilgan maskanni yashash uchun ixtiyor etadi. U ilmli, yetuk olim hamda taqvodor kishi bo‘lganligi sababli ham tez orada mahalliy aholi hurmat-e'tiborini qozonadi. Sulton Sayyid Jaloliddin Somoniy Koson ahlining e'tiqodi kuchliligini ko‘rib, o‘zi yashayotgan joyda masjid kurish rejasini tuzadi. Majid tosh, pishgan g‘isht va yog‘ochdan hashar yo‘li bilan qurib bitkaziladi. Shuni e'tirof etish joizki, ushbu masjid binosi vodiydagi eng qadimiy ibodatxona hisoblanadi.

Balansda saqlovchi: Namangan shahar Madaniy Meros boshqarmasi

Bog`lanish : Qodirov Muhammad 97 -258-04-02