Loading...

Matbuot xizmati -- -- 30 ko`rildi

Manzili: Namangan Shahar, Istiqbol MFY , Orzu ko`chasi
Davri: 19 Asr
Maydoni 600. 0 m2
Tarixi
Majzub Namangoniy XVIII asr oxirida Namangan shahrining Degrezlik dahasida tug‘ildi va o‘sib ulg‘aydi. U o‘sayotgan oiladagi ilm va mehnat, hunar ahillariga bo‘lgan munosabatlar, diniy e'tiqod, sobitlik kabi xislatlar mujassam muhit va komillikka eltuvchi yo‘lni ko‘rsatuvchi tarbiya bilan o‘sgan Majzubni zukko va yetuk bilim egasi bo‘lib yetishishiga sabab bo‘ldi. U ilm yo‘lidagi dastlabki saboqni Namangan shahridagi maktab va madrasalarda oldi va keyinchalik ilmga bo‘lgan shiddat Majzubni XIX asrlardagi asosiy va bilimlar maskani nomini olgan Buxoro shahridagi madrasaga yetaklaydi. Bu ilm dargohida u Qur'on, fiqh, hadisga oid ilmlarni shu bilan birga arab, fors tillarini, tasavvuf adabiyotini chuqur egallaydi. Inson umrining ziynatlaydigan asosni bilimda deb bilgan Majzub, madrasadagi mashg‘ulotlardan so‘ng yana Buxoro yaqinidagi Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida o‘z davrining nom taratgan mashhur mudarrisi bo‘lgan xalifa Xusayndan tariqat odobiga oid ilm sirlarini o‘rganadi va ilmu-urfonda kamolga yetdi. Majzub qaerda bo‘lmasin omonatga berilgan umrdan oqilona foydalanishga intiladi va o‘tkir zehni bilan hayotdagi turli muammolarni bartaraf etishdagi topqirligi va maslahatlari bilan barchani o‘ziga ergashtirdi. Har o‘tgan umr soniyalarida ilm va hayot saboqlarini yetuk ustozlardan olishni maqsad qilib, ularni qidirgan va ustozlarda to‘plangan ilm javohirlaridan terishga oshiqqan va uni o‘ziga odat qilgan. Majzub kimdan ilm o‘rganmasin barcha ustozlarda unga nisbatan iliq munsabat bilan mehr uyg‘ongan hamda barchasidan oq fotihalar olgan. Buxorodan ruxsat olib, yurti Namanganga qaytish asnosida ham u Samarqand va Qo‘qon shaharlarida ham bir muddat to‘xtab, shu maskanlardagi olimu-fozillar suhbatida bo‘lgan. Majzub Namangoniy olgan bilimlariga tayangan holda Qodiriya va Naqshbandiya tariqatining piri komiliga aylandi va o‘z davrida mutassavvif shoir, olim, mudarris sifatida tanildi hamda yoshlarga ilm berdi. Tasvvufda xalifalikni Hazrati xalifa Xusayndan olgan. Tariqatda esa Xalifa Eshmuhammad, Mirzo Bobobek, Xalifa Ashur, Xalifa Abdurahim Murg‘inoniy, shayxul-islom Eshon Zokirxo‘ja Namangoniy va Mavlaviy Namangoniylardan ijozat olgan. Uni mudarrislik faoliyatidan bahra olganlarni bilimga ishtiyoqi oshdi. Natijada Majzubga ixlos qo‘yganlar ko‘paydi va u yoshlarni ilm ummonidan durlar terishi uchun sharoit yaratish maqsadida o‘zi jamlagan mablag‘ hisobiga Degrezlik dahasida bir masjid va madrasa qurdirdi va u Xalifa Muhammad Aziz madrasasi nomi bilan XX asr boshiga qadar faoliyat olib bordi. Bu madrasada u talabalarga arab tilini o‘rgatdi va shu bilan birga Qur'on, hadis, fiqh hamda balog‘at, tariqat odobi va ma'naviyati sirlari caboq berdi. Tasodifan sodir bo‘lgan yong‘in tufayli madrasa va masjid yonib ketdi, o‘rniga esa uning nabirasi Otaullixon To‘ra boshchiligida pishiq g‘ishtdan katta gumbazli masjid va xonaqox bunyod etildi. Bu me'moriy yodgorlik hozir ham shahrimiz husniga-husn, ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlash bilan birga bu bino viloyatda yagona diniy ta'lim madrasasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Majzub o‘zbek, fors-tojik tillarida Yassaviyona hikmatlar bitdi va o‘zidan devon meros qoldirdi. Majzub Namangoniy Boborahim Mashrab kabi otashnafas, qaynoq va jozibali she'rlar bitgan iste'dodli shoir ham bo‘lgan. She'rlarini mutolaa qilgach, ustozlaridan biri xalifa Xusayn unga bejizga Majzub degan taxallus bermaganligini his etasiz. Majzub Namangoniy hayoti va ilmiy merosi bo‘yicha ilmiy ishlar qilindi va ilmiy darajalar olinib, majzubshunoslar yetishib chiqdi. Majzub so‘zining lug‘aviy ma'nosi jozibali, xayratlangan, jazavali va devona ma'nolarini anglatadi.