Manzil: Namangan shahar Kurashxona MFY, Xamroh ko`chasi
Davr: 1768 yil 1993 yilda qayta tiklangan
Maydoni: 70,0 m2
Ob'ekt tarixi:
Ma'lumki, Mulla Bozor Oxund Namangan XVII asrning ikkinchi yarmi va XVIII asrning boshlarida Namangandan yetishib chiqqan ilmu-fan vakillaridan, ulug‘ donishmand va mutafakkir, iste'dodli mudarris va mehribon murabbiy, ilohiyot ilmining bilimdoni va tasavvuf ahlining piri murshidlaridan biri bo‘lib, 1645-1655 yillarda otashnafas shoir Boborahim Mashrabga ilk saboq berib, ustozlik qilgan, Mashrabning taniqli shoir va tasavvuf egasi bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan inson edi.
Mulla Bozor Oxund XVII asrning birinchi yarmida dunyoga kelgan. Boshlang‘ich ta'limni uyda otasidan oladi, keyin Namangandagi madrasalardan birida saboqni davom ettirgan. Ilmga tashnalik uni Turkistonning ilmu fan markazi bo‘lgan Buxoroi sharifga yetakladi.
Mulla Bozor Oxund ismidagi unga berilgan mulla nisbasiga quyidagilarni aytish mumkin.
Mulla “mavlo” (arabcha “yaqinlashgan”, “yaqin odam”) so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, keyinchalik “mavlono” atamasiga aylangan. Bu ibora din ahillariga va shu kabi savodli, o‘qimishli insonlarga ham nisbatan qo‘llanilgan. Mulla so‘zi madrasa muallimlariga nisbatan ham ishlatilgan.
Mulla Bozor Oxund uzoq yillar madrasada o‘qish bilan birga donishmand olim Mirzo Bohodir Buxoriydan ta'lim olib u zotdan “Irshod xati” - (“Pirning yorlig‘i”)ni olgach, Buxorodan chiqib, O‘rta va Yaqin Sharq mamlakatlariga sayohat qilgan. Qashqarning Xo‘tan, Yorkent va boshqa shaharlarida bo‘lib, katta nufuzga ega bo‘lgan, asli kosonlik Sulton Sayyid Jaloluddin avlodlaridan bo‘lmish mashhur Hidoyatulloh Ofoq Xoja bilan tanishib, bir necha muddat u kishining huzurlarida turadi. Qashqardan Buxoroga, keyin Qo‘qon va Namanganga kelib, shu yerda yashab, Labbay tog‘a dahasidagi madrasada mudarrislik va Namangan qozisi Qozi Yusufning taklifi bilan masjidda imomlik qilgan. U umrining oxirigacha Namanganda imomlik va mudarrislik bilan mashg‘ul bo‘lgan.
Uzoq yillar davomida ilm tahsil qilgan va Sharq olamining taniqli kishilari bilan suhbatlarda bo‘lgan Mulla Bozor Oxund fiqh, xadis, faroiz, geografiya, ilmi hisob, tarix, adabiyot, ruhshunoslik va boshqa ilmlarni yaxshi egallagan yirik olim edi. U arabiy, forsiy va turkiy tillarda ravon so‘zlashgan va ijod qilgan. Mashrab o‘zining ustoziga yuksak hurmat bajo keltirib g‘azallarida uni kamoli ehtirom bilan tilga oladi. Ul tabarruk zot olimlikdan tashqari Xudoga yetishgan valiy sifatida o‘z karomatlari va bashoratlari bilan shuhrat topgan. Bu haqda «Tazkirai Azizon», «Tazkirai Roqim» nomli asarlarda qimmatli ma'lumotlar qayd etilgan. Mulla Bozor Oxund ijodiga mansub asarlar, afsuski, qatag‘on yillarida yo‘qotib yuborilgan. Mulla Bozor Oxund hayotini xalqni to‘g‘ri yo‘lga boshlash ishlariga bag‘ishlagan va o‘z zamonasining eng dono, bilimdon olimi sifatida shuhrat qozongan.
Uning haqiqiy ismi Xoja Ubaydulloh bo‘lib, u ko‘proq podsho, Xoja domullo, Mulla Bozor Oxund nomlari bilan tanilgan. Ammo ayrim qo‘lyozmalarda uning hikmatlari, fors-tojik tilida bitilgan ruboiy va she'riy parchalari topilmoqda. Tarixiy manbalar guvohligiga ko‘ra alloma yuz yildan ortiq umr ko‘rib, 1668 yilda Namangan shahrida vafot etgan
Balansda saqlovchi: Namangan viloyat Madaniy Meros boshqarmasi
Bog`lanish uchun: Qodirov Muhammad 97 -258-04-02