Manzili: Namangan shahar, Chorsu MFY, Uychi ko`chasi
Davri: 1912 yil
Maydoni: 3700 m2
Ob'ekt tarixi:
Mulla Qirg‘iz madrasasi O‘zbekiston me'morchiligida xalqimizning asrlar bo‘yi yaratgan o‘z uslubiga ega, texnikasi materiallari bilan ajralib turuvchi moddiy me'moriy yodgorlikdir. Madrasaga nazar tashlar ekansiz, o‘tmishdan qolgan bu me'moriy yodgorlik hozirgi kunda ham o‘z qiymatini yo‘qotmay ichki va tashqi ko‘rinishi bilan har bir kishini o‘ziga jalb qilishiga guvoh bo‘lasiz.
Madrasa oldiga borar ekansiz chiroyli koshinli naqshlar bilan bezalgan peshtoq va uning o‘rtasidagi yarim gumbazga ko‘zingiz tushadi. Yarim gumbazni ichidagi koshinli naqshlar ichida:
Zabarjad toku za oltin bila bu xat yozilmishdir.
Karam ahlini ehsondan o‘zga qolmagay boqi
Ya'ni (har kim o‘zi ketsa ham uning ehsoni abadiy qoladi ) degan boqiy so‘zlar bilan bitilgan satrlarni o‘qiysiz. Uning yonida: Boniy mulla Qirg‘iz ibn Mashrabboy tijoriy.
(Mulla Qirg‘izboy Mashrabboy savdogar o‘g‘li)
Ustoz Mulla Qirg‘iz ibn Ibrohimboyi me'mori
(Usta Mulla Qirg‘iz Ibrohimboy Me'morning o‘g‘li)
deb yozilgan husni xatlarga ko‘zingiz tushadi.
Mulla Qirg‘iz me'moriy yodgorligini qurilishi va keyingi undan foydalanish tarixiga nazar tashlasak.
Mulla Qirg‘izning o‘g‘li Abdulxamid qori va uning xotini Roziyaxon onalarning so‘ziga qaraganda Mulla Qirg‘iz madrasasini qurilishiga 1910 yilda kirishilib, 1912 yilda bitkazilgan va ishga tushirilgan. Bu obidani nomi Mulla Qirg‘iz bo‘lib, uni quruvchisini nomi ham me'mor Mulla Qirg‘iz, mablag‘ sarflab qurilish qildirgan inson ham savdogar Mulla Qirg‘izdir.
Madrasada asosan 41 hujra va uchta gumbazdan iborat. Madrasaning darvozasini har ikki tomonidagi hujralar ustiga ham ikkinchi qavat hujralar va gumbazlar qurilgan. Madrasaning sharqiy qismidagi hujralar ustiga ham ikkinchi qavat hujralar qurish rejalashtirilgan ammo qandaydir sabablarga ko‘ra bu hujralar qurilmay qolib ketgan. Madrasadagi qator hujralar aylana shaklida joylashgan bo‘lib, hovlini ichki tomonida to‘rtta kichik peshtoqlari ham bor. Madrasa hovlisida o‘zbek me'moriy zarxal gullar bilan chiroyli qilib milliy uslubda bezalgan ayvoni va madrasaning janubiy qismida balandligi o‘n metr keladigan minorasi ham bo‘lgan.
Madrasa darvozasi ichidan ikkinchi qavatga chiqadigan minora tipida qurilgan burama zina bor, bular hammasi zo‘r mahorat, chidam va o‘tkir did bilan qurilgan.
Mulla Qirg‘iz madrasasini tomosha qilar ekansiz undagi ba'zi bir qiziqarli faktlarga duch kelasiz. Mulla Qirg‘iz Oxun yirik paxta zavodi xo‘jayini bo‘lib, shu bilan birga katta yer egasi ham bo‘lgan. U mahalliy xalq orasida katta obro‘ va e'tiborga erishish, buning uchun biror ko‘zga ko‘rinarli ish qilishni niyat qilgan, shuning uchun bu maqsadni amalga oshirish niyatida o‘ziga yaqin kishilardan Mulla boy Xoji, mulla Qozoq Oxun, Qozoq boyvachcha, Ota Karvon va Mulla Madamin Oxunlar bilan yig‘ilishib, maslahat kengashi o‘tkazadi. Yuqorida nomlari keltirilgan kishilar bu maqsadga erishish yuzasidan Mulla Qirg‘izga turli xil maslahatlar berdilar, ya'ni masjid qurish, ko‘prik solish, hajga borish va hokazo. Ammo unga maq'ul tushgani madrasa bino etish bo‘lib, bu ishga mas'ul va maslahatchi etib Imom Xoji o‘g‘li Abdu Xalilni tanlaydi va unga yordamchi etib esa Mashrabboy tayinlanadi.
Madrasa tarhi rejalashtiriladi va shu asosda madrasa tarhini chizgan o‘z davrining yetuk me'mori va ustasi bo‘lgan Usta Qirg‘iz shug‘ullanadi. Bu madrasa Mulla Qirg‘iz chizgan tarh asosida shaxsan o‘zi rahbarligida quriladi.
Bog`lanish: Qodirov Muhammad 97 -258-04-02