Manzili: Namangan shahar Sumalak guzar MFY, Uychi ko`chasi
Davri: 1915-1922 yillar
Maydoni: 500 m2
Ob'ekt tarixi: Ota Ullixon To‘ra masjidi Namangan shahridagi ko‘hna obidalardan biri. Uychi ko‘chasida joylashgan bu obida 1915-1922 yillarda qurib bitkazilgan. U me'morchilik obidalar ichida o‘ziga xos betakror uslubga ega. Tarixiy ma'lumotlarga ko‘ra bu masjid binosi dastlab, XIX asrdagi me'moriy uslubga xos yog‘och o‘ymakorligi hamda noyob sirkorlik san'ati asosida yog‘ochdan bunyod etilgan.
Bu joyda avval Mazjub Namangoniy tomonidan qurilgan masjid va madrasa bo‘lgan, 1914 yil bahorida yer qimirlashi hamda chaqmoq natijasida yong‘in chiqib, masjid binosi yog‘ochdan qurilganligi sababli butkul yonib ketadi. Yong‘in bartaraf etilgandan so‘ng eski Jome' masjidi o‘rniga yangi masjid qurish masalasini shu masjid imomi bo‘lmish, Mazjub Namangoniyning nabirasi Otaullixon To‘ra o‘rtaga tashlaydi. Yog‘ochdan qurilganligi sabab omon qolmagan masjid va madrasani endi yog‘ochdan emas, balki umri uzoq bo‘lishi uchun faqat pishiq g‘ishtdan qurilishi va ulkan gumbaz shaklidagi ko‘rinishga ega bo‘lishi kerakligi yig‘ilgan mahlliy aholiga Otaullixon tomonidan alohida uqdiriladi.
Bu ulkan inshootni barpo etishga Farg‘ona vodiysining ko‘plab mashhur ustalari taklif etildi. Ammo hech kim astoydil men quraman deyishga jur'at eta olmaydi. 1910 1912 yillarda Namangan shahrining Saidqulibek madrasasi ro‘parasida bunyod etilgan Mulla Qirg‘iz Mashrabboy o‘g‘li mablag‘iga Mulla Qirg‘iz Ibrohim o‘g‘li tomonidan qurib bitkazilgan madrasa Farg‘ona vodiysida bu me'morni mahoratini o‘lkamizga keng yoyilishiga sabab bo‘lgan edi. Yon atrofdagilarni maslahatiga ko‘ra mohir binokor Usta Qirg‘izni mana shu gumbazli masjid binosini qurilishiga taklif etiladi. U bunga rozi bo‘ladi.
Me'morni shaxsan o‘zi chizgan loyihasi asosida 1915 yilda qurilish ishlari boshlab yuborildi. Bino qurilishi uchun sarflanadigan mablag‘ning asosiy qismini Otaullixon To‘ra o‘z jamg‘armalaridan bergan. Qolgan qismini esa hashar yo‘li bilan yig‘ilgan mablag‘ evaziga bajarilgan.
Gumbaz poydevori odam bo‘yi chuqurlikda eni esa Qo‘qon aravasi yurishi mumkin bo‘lgan kenglikda qorateginlik mardikorlar tomonidan shibbalanib qotirilgan. Har bir qarich qalinligidagi tuproq g‘isht va tosh parchalari aralashtirilib shibbalangan.
Bu jarayon qanday bajarilganligini aniqlash maqsadida Usta Qirg‘iz yonidagi pichog‘ini qinidan chiqarib uni uchini yerga qaratib otgan, sanchilib qolsa shibbalash ishi davom ettirilgan, agar yerga pichoq sanchilmasa yuqoridagi jarayon 2-qavat tuproq aralashmasida chuqurlik yer bilan barobar bo‘lguncha davom ettirilgan.
Shundan so‘ng poydevor asosi tayyor bo‘lgach, qurilishning asosiy qismi bo‘lgan poydevorni tiklash ishlari boshlangan.
1918 yilga kelib ayrim sabablarga ko‘ra qurilish ishlari to‘xtab qoldi, chunki usta Qirg‘iz bilan Otaullixon To‘ra o‘rtasida qurilish masalasida ba'zi kelishmovchiliklar sodir bo‘ldi va qurilish ishlari vaqtincha to‘xtab qoldi. Ordan besh yil o‘tgach Otaullixon To‘ra vafotidan keyin Usta Qirg‘iz masjid qurilishi ishini davom ettira boshladi. Endilikda ish jarayoni hashar yo‘li bilan olib borildi va 1922 yilda qurilish ishlari nihoyasiga yetkazildi.
Bu binodan masjid sifatida 1922 yildan toki 1929 yilgacha foydalanib kelindi.
Balansda saqlovchi: Namangan viloyat Madaniy Meros boshqarmasi