Xalqaro gullar festivali doirasida Kosonsoyda IV Xalqaro motokross chempionati bo‘lib o‘tdi

Tadbirlar 12.03.2026


2026-yil 31-may kuni Kosonsoy tumani “Bahoriston” mahallasidagi “Shohsafed” massivida joylashgan “Savanna” mototrassasida 65-Xalqaro gullar festivali doirasida motokross bo‘yicha Namangan viloyati hokimi kubogi uchun IV Xalqaro motokross chempionati o‘tkazildi.

Mazkur nufuzli sport tadbiri Namangan viloyati hokimligi, Kosonsoy tumani hokimligi hamda O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining Namangan viloyati kengashi tashabbusi bilan tashkil etildi.

Chempionatda O‘zbekistonning turli hududlari bilan bir qatorda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan tashrif buyurgan 100 nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Ishtirokchilar turli toifalar bo‘yicha murakkab trassalarda o‘z mahoratlarini namoyish etib, tomoshabinlarga yuqori tezlik, shiddatli kurash va murosasiz raqobatga boy bahslarni taqdim etdilar.

Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirjon Nuriddinov mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, Kosonsoy tumanining boy tabiiy salohiyati, tog‘ turizmi va sport turizmini rivojlantirish imkoniyatlari haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Musobaqa davomida sportchilar o‘zlarining texnik tayyorgarligi, tezkorligi va mahoratini namoyon etib, tomoshabinlarga unutilmas taassurot ulashdilar. Xalqaro miqyosda tashkil etilgan ushbu chempionat 65-Xalqaro gullar festivali doirasidagi muhim sport tadbirlaridan biri sifatida katta qiziqish bilan kuzatildi.

Taqdirlash marosimida so‘zga chiqqan “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi raisi Ahmadjon Alaxodjayev so‘nggi yillarda mamlakatimizda motokross sportini ommalashtirish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bunday xalqaro musobaqalar sportchilarning tajribasini oshirish, yoshlarni texnik sport turlariga keng jalb etish hamda O‘zbekistonning mototsport sohasidagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, kubok hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Rasmlar

Xalqaro gullar festivali doirasida Kosonsoyda IV Xalqaro motokross chempionati bo‘lib o‘tdi
Xalqaro gullar festivali doirasida Kosonsoyda IV Xalqaro motokross chempionati bo‘lib o‘tdi
Xalqaro gullar festivali doirasida Kosonsoyda IV Xalqaro motokross chempionati bo‘lib o‘tdi
Xalqaro gullar festivali doirasida Kosonsoyda IV Xalqaro motokross chempionati bo‘lib o‘tdi